Prezident farmoni bilan, maktablarda o‘zbek tili fanidan dars beruvi va milliy baholash tizimida tegishli sertifikatga ega o‘qituvchilarga har oyda tarif stavkasiga nisbatan 50% miqdorida ustama to‘lanadi.
Sherzodxon Qudratxo‘ja yashab turgan mamlakati tilini bilmaydiganlar haqida aytgan fikrlari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Davlat Umarov o‘z maqolasida jamiyatda bo‘linishlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi va muammolarni yechishda mas’uliyatni olishdan qochmaslik muhimligi haqida mulohaza qiladi.
Pekinda o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumidagi ekran va banner yozuvlarida o‘zbek emas, balki rus tilidan foydalanilgani jamoatchilikda savol uyg‘otdi. Oliy ta’lim vazirligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, “qulaylik nuqtai nazaridan forumning rasmiy tili xitoy va rus tillari etib belgilangan”.
2024-yil yakunigacha O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida o‘zbek tili kurslari tashkil etiladi. Shuningdek, xorijiy davlatlarda “O‘zbek akademiyasi” (“Uzacademy”) internet platformasi ishga tushiriladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini O‘zbek tili bayrami bilan tabrikladi. Davlat tilini rivojlantirish boshqa tillar va madaniyatlar rivoji bilan uyg‘unlikda ko‘rib chiqilishini ta’kidladi. Shuningdek, u lotinchadagi alifboni takomillashtirishda jamoatchilik fikrini inobatga olish zarurligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, «mening farzandim chet tillarini biladiyu, ona tilini bilmaydi, degan gap Yangi O‘zbekistonga ma’qul emas». «Chet tilini bilishi kerak, lekin ona tilini bilishga majbur», — deya qo‘shimcha qildi prezident.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida xorijlik fuqarolar uchun «O‘zbek maktabi» ochildi. Tayyorlov kurslarida o‘zbek tili o‘rganuvchilar xohishiga ko‘ra kichik, o‘rta guruhlarda yoki individual tarzda o‘rgatiladi.
Yakkasaroy hokimligi peshlavhasidagi matn ataylab xatolar bilan yozilgan Ikkichi do‘konini «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonunni buzgani uchun ogohlantirdi. Brend asoschisi Pahlavon Turdiyev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida Ikkichi nomidan: «Bugn oqutuv4m kankretniy ikki q6ydi dnevnigimga», deya izoh berdi.
3 iyulga kelib o‘zbekcha Wikipedia`ga 150 mingdan ortiq o‘zbek tilida maqolalar joylandi va u reytingda 58 o‘rinda ketmoqda. WikiStipendiya loyihasi boshlangandan keyin 4247 ta maqola qo‘shilgan. Ushbu maqolalarning deyarli barchasi bot yordamida emas, balki foydalanuvchilar tomonidan yaratilgani aytilmoqda.
Komil Allamjonov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertramga tarmoqni O‘zbekiston qadriyatlari va mintalitetiga moslash taklifini bildirdi. Kompaniya mas’ullari esa uning takliflarini inobatga olinishi qatorida, TikTok`ga o‘zbek tilini ham kiritishga tayyorligini ma’lum qilgan. Tarmoq hanuz uzilishlar bilan ishlayapti.
Chirchik shahar hokimligi matbuot kotibi Fahriddin Qodirov ijtimoiy tarmoqlardagi izohlaridan keyin ishdan olindi. AOKAning ta’kidlashicha, u davlat xizmatchisining axloqiy me’yorlari va kodeksini buzgan.
Chirchiq ma’muriyati jamoat joylarida o‘zbek va rus tillarida tez-tez ishlatiladigan so‘zlar aks etgan varaqalar joylashtirib, o‘zbek tilidagi so‘zlardan foydalanishga chaqirdi. Hokimiyat xabariga ko‘ra, O‘zbek tili kuni arafasida o‘tkazilayotgan «chellenj»dan maqsad — o‘zlashma so‘zlar o‘rniga o‘zbek tilidagi so‘zlarni ishlatishni targ‘ib qilishdan iborat.
Rossiya poytaxtidagi «Lesoparkovaya» metro bekatida o‘zbek va tojik tillaridagi yo‘l ko‘rsatkichlar paydo bo‘ldi. Mazkur bekatdan migratsiya markaziga avtobuslar qatnovi mavjud.
Ijtimoiy tarmoqlarda «Tolibon» harakati Afg‘oniston hududida o‘zbek tilining o‘qitilishini taqiqlagani,bir qator o‘zbek mualliflar asarlari yo‘q qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston TIV «Tolibon» rasmiy rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan suhbati chog‘ida «ushbu axborotning haqiqatga zidligi»ni ta’kidladi. Vazirlik «Tolibon» vakili o‘zbek tili, pushtu va dari tillari bilan bir qatorda, bundan buyon ham Afg‘onistonning rasmiy tillaridan biri bo‘lib qolishini tasdiqlaganini ma’lum qildi.
Hukumat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishni tezlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi. 1 avgustga qadar davlat organlari barcha ko‘chalar, peshlavhalar va turli blaklarning lotin yozuvida bo‘lishini ta’minlashi kerak. Oldinroq ushbu vazifani 2022 yil dekabriga qadar bajarish ko‘zlangan edi.
Yangi o‘quv yilidan «O‘zbek tili»ni o‘qitishda 4 ko‘nikmaga tayaniladi. Endi ta’lim tili o‘zga tilda bo‘lgan sinflarda davlat tili — o‘zbek tili ham chet tili kabi o‘rgatiladi. Milliy o‘quv dasturi asosida o‘zga millat vakillari uchun 2-sinf «O‘zbek tili» darsligi yaratildi.
Davlat tili to‘g‘risidagi bahs va munozaralarda turli xil xorijiy mamlakatlarning bu boradagi qonunchiligi va talablari misol qilib keltirilmoqda. “Gazeta.uz” kolumnisti Komil Jalilov ushbu davlatlar tajribasini fact-checking asosida tahlil qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat organlariga faqat davlat tilida murojaat qilish taklifi ma’qullanmaganligi ijtimoiy tarmoqlarda va deputatlar orasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Davlat tili maqomi bo‘yicha xalqaro tajriba, o‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha sharoitlar va davlat tili mavqei to‘g‘risida — «Gazeta.uz» kolumnisti Komil Jalilovning maqolasida.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston davlat idoralariga murojaat davlat tili — o‘zbek tilida bo‘lishi kerakligi haqidagi taklif maqullanmadi. Deputat Doniyor G‘aniyev davlat tili o‘z nomi bilan davlatning fuqarolar bilan rasmiy muloqot tili bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, u davlat tili to‘g‘risidagi qonunning ijrosini ta’minlashning samarali mexanizmini ishlab chiqish kerakligini aytdi.
“Milliy tiklanish” fraksiyasi raisi Alisher Qodirov davlat tili to‘g‘risidagi qonun loyihasi hech qaysi millat vakilini kamsitmasligini, “lekin bu mehribonlik o‘zimizni kamsitish hisobiga bo‘lmasligi kerak"ligini ta’kidladi. Deputat Rasul Kusherbayev masala faqatgina davlat tilida ish yuritish haqida ketayotganligini eslatdi. “Ko‘p millatli mamlakatda davlat tili masalasini faqat qaysidir millat taqdiri bilan bog‘layverish noto‘g‘ri”, — deydi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting